-Ðóáðèêè

 -Ïîèñê ïî äíåâíèêó

Ïîèñê ñîîáùåíèé â Òóðîí_Øóõðàòæîíè

 -Ïîäïèñêà ïî e-mail

 

 -Ïîñòîÿííûå ÷èòàòåëè

 -Ñòàòèñòèêà

Ñòàòèñòèêà LiveInternet.ru: ïîêàçàíî êîëè÷åñòâî õèòîâ è ïîñåòèòåëåé
Ñîçäàí: 06.02.2012
Çàïèñåé: 483
Êîììåíòàðèåâ: 9
Íàïèñàíî: 524


(5-maqolam, 2006 yil 1 yanvar, DAVOMI) O’ZBEKISTON OZOD DEHQONLAR PARTIYASINING ASOSCHISI, PROFESSOR OLIMJON KARIMOV - 80 YOSHDA

×åòâåðã, 23 Èþíÿ 2022 ã. 22:36 + â öèòàòíèê
Shuhratjon AHMADJONOV

(5-maqolam, 2006 yil 1 yanvar, DAVOMI) O’ZBEKISTON OZOD DEHQONLAR PARTIYASINING ASOSCHISI, PROFESSOR OLIMJON KARIMOV - 80 YOSHDA (1988-1993 yillarda O’zbekistonda ro’y bergan ayrim tarixiy voqealarning prof. Olimjon Karimov taqdiri misolida tahlili)

4. PROF. O.KARIMOV 1989-1990 YILLARDA O’ZBEKISTONLIK ASKARLARNING YASHASH HUQUQINI HIMOYA QILISH BORASIDAGI FAOLIYATI

1989 yil 24 may kuni Farg’ona viloyatidagi Quvasoy shahrida o’zbek va mesxetiya turk yoshlari o’rtasida janjal uyushtirilishi va bu ikki qardosh millatdan bo’lgan odamlar o’rtasidagi qonli mojaroga aylantirib yuborilganligi, buning keng tus olishi va kup qurbonlar berilishining sababi – Sovet Ittifoqi kuchishlatar organlarining fitnasi ekanligi haqida 3-bandda yozgan edik. Bu mojaroning kelib chiqishida va vaqtida tegishli choralar ko’rmaganlikda maxsus xizmat organlarining “xizmatlari” bor edi. Chunki Quvasoydagi bu janjal birdaniga ro’y bermagan va u ikki-uch hafta davomida pishib yetilib borgan. Bu vaqt orasida kuchishlatar organlar, jumladan maxsus xizmat organlari janjalning oldini olish uchun deyarli hech qanday chora-tadbirlar ko’rishmagan.

1989 yil may-iyunda Farg’ona vodiysida ro’y bergan qonli voqealardan so’ng “Pravda”, “Izvestiya”, “Trud”, “Sovetskaya Rossiya”, “Krasnaya zvezda” singari markaziy gazetalarda, “Sobesednik”, “Semya” kabi haftaliklarda va “Ogonyok” jurnalida hodisalarning mohiyatini buzib ko’rsatuvchi, tuhmat va buhtondan iborat, o’zbek xalqining nomus va g’ururini tahqirlovchi bir qator maqolalar chop etildi. Farg’ona fojialarining davomi sifatida markaziy matbuotda, radio va televideniyeda o’zbeklarga qarshi o’taketgan beboshlik bilan kampaniya, tashviqot boshlanib ketdi [13, 10-b.]. Natijada faqat 1989 yil davomida SSSR armiyasi safida xizmat qilgan o’zbekistonlik 430 askarning jasadi temir tobutlarda keltirildi. Bu faktni O’zbekiston Kompartiyasi 1-kotibi I.Karimov 1990 yil 24 fevralda Toshkentdagi “Xalqlar do’stligi” nomli san’at saroyida bo’lib o’tgan yig’ilishda aytgan edi. Bu ayanchli ahvol 1990 yilda ham davom etdi.

Qattiq tahqirlar va kaltaklanishlar natijasida askar o’g’lonlarimiz o’z jonlarini saqlash uchun xizmat joylarini ommaviy ravishda tark etib, O’zbekistonga qaytib kela boshladilar. Rus tilini va SSSR qonunlarini deyarli bilmaydigan o’sha 18-19 yoshli ukalarimizni, xalqimiz farzandlarini qonuniy himoya qilish masalasi bilan O’zbekiston “Birlik” xalq harakati va “Tumaris” xotin-qizlar uyushmasining faollari shug’ullanishar edi. Vasila Inoyatovaning muallifga 2005 yil 29 dekabr kuni telefonda aytganlariga ko’ra, 1990 yil aprel oyi o’rtalarida “Tumaris” va “Birlik”chilar Vazirlar Mahkamasi oldida 50 kishilik piket uyushtirishgan. Piketchilardan yetti nafari sovet armiyasida majruh bo’lgan va sog’ligini yo’qotgan askarlar edi. Bu piketchilar safida prof. O.Karimov ham bor edi.

Piketchilarni o’sha vaqtlarda O’zR vice-prezidenti bo’lib ishlayotgan Shukrullo Mirsaidov qabul qilgan. Shu yerning o’zida o’zbekistonlik askarlar muammolari bilan shug’ullanuvchi Sh.Mirsaidov rahbarligida Davlat komissiyasini tuzish to’g’risida kelishilgan. O’zbek askarlarining tobutlari keltirilayotgan va eng ko’p qochib kelayotgan Sovet Ittifoqining turli o’lkalariga borib kelish uchun bir necha komissiya tuzish va bu komissiyalar tarkibiga “Tumaris” va “Birlik”dan faollarini kiritish haqidagi piketchilar talabiga rozi bo’lgan. O’sha uzoq ulkalarga borib kelish uchun mablag’ O’zbekiston hisobidan ta’minlashga kelishilgan. O’sha kunlari Irkutsk shahrida xizmat qilayotgan askar yo’qolib qolganligi haqidagi xabar harbiy qismdan O’zbekistonda yashayotgan ota-onasiga yuborilgan va ota-ona ariza bilan “Tumaris” uyushmasiga murojaat qilishgan edi. Shu askar taqdirini va u xizmat qilayotgan harbiy qismdagi ahvolni o’rganish, shuningdek Sibir o’lkasidagi askarlardan kelgan boshqa shikoyat arizalarni joyida o’rganish uchun maxsus komissiya yuborishga Sh.Mirsaidov va piketchilar o’zaro kelishishgan. Sibirga, jumladan Irkutsk shahriga boradigan komissiya tarkibiga “Birlik’dan prof. O.Karimov, “Tumaris”dan V.Inoyatova nomzodlari ko’rsatilgan.

“Birlik” xalq harakati va “Tumaris” xotin-qizlar uyushmasi rahbarlari va faollari, jumladan prof. O.Karimov, o’zbekistonlik askarlarning yashash huquqini himoya qilish yo’lida qizg’in faoliyat olib borishdi. Muallif bu borada 1990 yil 28 aprel kuni Toshkent aeroportiga o’zbek askarlarining jasadi solingan yana uchta temir tobut olib kelinganligi, ulardan birini - askar Anvar Karimovning murdasi joylashtirilgan tobutni “birlik”chilar (jumladan muallif ishtirokida) “Tez yordam” mashinasiga solib, prezident Islom Karimov ishlayotgan Qarorgoh (bino) eshigi oldiga keltirib qo’yib, prezidentning chiqishini talab qilishgani va I.Karimov hamda 35 “birlik”chining 40 daqiqalik uchrashuvi bo’lganligi haqida [13] kitobchada ham, [14] maqolada ham yozgan edi. Quyida yana bir o’zbek askarining fojiaviy taqdiri va u bilan bog’liq 1990 yil 25-26 aprel kunlari Toshkentda bo’lib o’tgan voqealar to’g’risida bayon qilamiz.

O’sha paytlar O’zbekistonga tobutlar deyarli har kuni keltirilar edi. 1990 yil aprelida, Ramazon hayiti arafasida, Toshkent shahrining Olmazor mahallasi, Penkov ko’chasi 12-uyda yashagan Husniddin Muxamedovning jasadi temir tobutda olib kelindi. U Ulan-Ude shahrida 92840K raqamli harbiy qismda – qurilish batalionida 10 oy xizmat qilgandi. H.Muxamedov chaqaloqlik vaqtidayoq onasi o’lib ketgan bo’lib, 1988 yilda otasi ham vafot qilgan edi. Ba’zi bir mahalliy rahbarlarning qarshiligiga qaramay “Birlik”chilarning talabi va tibbiyot fanlari nomzodi, docent, “Birlik” XH faoli Tal’at Xoliqovning fidokorona mehnati bilan H.Muxamedovning jasadi 25 apreldan 26 aprelga o’tar kechasi sud-tibboyot ekspertizasi qilindi. Ekspertiza natijasida askar tanasining uch joyiga nayzasimon o’tkir qurol bilan jarohat yetkazilganligi, to’qizta qovurg’asi singanligi, oyoqlari ezilganligi va shunga uxshash ko’p jarohatlar tufayli vahshiylarcha o’ldirilganligi isbotlandi.

Ramazon hayitining nahorida, ya’ni 1990 yil 26 aprel ertalab H.Muxamedov tobuti Olmazor machitiga janoza o’qish uchun keltirildi. Janoza o’qilgach, janozaga yig’ilgan kishilar, ulardan ko’pchiligi “birlik”chilar edi, tobutni yelkaga ko’tarib, O’zbekiston prezidenti I.Karimov bilan uchrashish maqsadida O’zbekiston Kompartiyasi MQsining binosi tomon yurishdi (o’sha yurishda muallif ham qatnashgandi). Bu bino Olmazor machitidan taxminan 800-900 metrlar masofada joylashgandi. Odamlar prezident I.Karimov bilan uchrashmoqchi va ularni qiynayotgan bir nechta savollar bilan bevosita unga murojaat qilmoqchi edilar. O’shanda yo’limizni uch qator qilib ko’ndalang qo’yilgan yuk mashinalari va yuzlab miliciya xodimlari to’sib turar edilar. Biz yaqinlashib, miliciya xodimlarini nariroqqa surib, tobutni dast ko’targancha miliciya saflarini yorib o’tdik va ikki qator yuk mashinalari ustidan ham olib o’tdik. (Tobutni 2-qatordagi yuk mashinalari ustidan olib o’tilayotgan bir paytda muallif bir necha lahza davomida kinooperator, “Birlik” faoli Abdulaziz Maxmudovni ko’rdi. U yo’l chekkasidagi beton ustunning bir metrcha balandlikda turtib chiqqan joyiga bir oyog’ini qo’yib, chap qo’li bilan ustunni quchib, o’ng qo’li bilan esa yelkasida turgan videokamera bilan bo’layotgan tarixiy voqealarni suratga olardi. U o’sha yillarda tariximiz uchun muhim bo’lgan voqealarni 10 dan ziyod videotasmalarga suratga olgan. Uning haqida maqolamizning 6- va 8-bandlarida yozilgan.)

Prezident devoniga 15-20 metrlar qolgandi. Bizning qarshimizda uchinchi qator yuk mashinalari va biz bilan qonli to’qnashuvlarga tayyor holda ko’plab miliciya xodimlari turishar edi (1- va 2-qatordagi milicionerlar ham kelib, 3-qatordagilarga qo’shilishgandi). Ushbu kun yakshanba, Ramazon hayiti kuni bo’lib, binoda prezident I.Karimov yo’q edi. Shu yerda “Birlik” XHning raisi Abdurahim Po’latov qisqacha nutq so’zladi. So’ngra tobutni ko’tarib Charx Kamolon qabristoniga olib bordik. Qabristonda motam mitingi bo’ldi va Husnitdin Muxamedovning jasadi qabrga qo’yildi (bu voqealar haqida muallif [13] kitobchada yozgan).

1990 yil aprel o’rtalarida O’zR vice-prezidenti Sh.Mirsaidov bilan “birlik”chilar va “tumaris”chilar uchrashuvida Sovet Ittifoqining turli o’lkalariga Toshkentdan bir necha komissiya yuborishga doir kelishuv haqida yuqorida yozgan edik. 1990 yil may oyi boshida besh kishidan iborat komissiya: “Birlik” XHdan prof. O.Karimov, “Tumaris” xotin-qizlar harakatidan V.Inoyatova, O’zR Oliy Kengash deputati To’ychiyev, O’zR Bosh prokuraturasidan bir xodim va O’zbekiston Harbiy garnizonidan bir zobit (oficer) Sibir tarafga jo’nab ketishdi (bu haqda muallifga V.Inoyatova 2005 yil 29 dekabrda telefon orqali gapirib berdi, lekin u komissiya tarkibidagi ikki kishining ismi-sharifini eslay olmadi). Ular avval Irkutsk shahridagi harbiy qismga bordilar. U yerda yo’qolib qolgan o’zbek askari olti oyga gaupvaxtaga qamab qo’yilganligini aniqlashtirdilar. Uni ozod ettirib, O’zbekistonga jo’natib yuborish chora-tadbirlarini hal qildilar. So’ngra ushbu komissiya Husnitdin Muxamedovning o’limi tafsilotlarini o’rganish uchun fojia joyiga – Buryatiya muxtor jumhuriyati markazi bo’lmish Ulan-Ude shahriga, ya’ni Husnitdin xizmat qilgan 92480K raqamli harbiy qismga borishdi.

Shu yerda H.Muxamedovning do’sti bo’lgan va u bilan Ulan-Ude shahrida birga xizmat qilgan askar Baxtiyor Mo’minqulovning o’sha harbiy qismda bo’lib o’tgan voqealar haqidagi hikoyasini keltirish o’rinlidir. U buni prezident I.Karimov nomiga yozgan xatida bayon etgan. U xatning nusxasini “Tumaris” gazetasi xodimlariga bergan va uni gazetada chop etishgandi.

“Yigitlik burchini o’tash uchun Buryatiyaning Ulan-Ude shahriga borganimizdan 10 kun o’tgach, uch o’zbek yigitini – meni, Yusupov Uyg’unni, Mahmudov (Muhamedov, A.Sh) ZJBI-2 (zavod jelezo-betonnix izdeliy – temir-beton buyumlari korxonasi, A.Sh.) raqamli, qamoq jazosini o’taydiganlar ishlaydigan qurilish qismiga ishga taqsimlashdi. Odatda bizni ish joyimizga avtobus eltib qo’yardi. Lekin ko’pincha avtobus berishmas, biz shahar transportida ishga qatnashga majbur bo’lardik. Yo’lda esa doim rus “og’a”larimiz bizni to’xtatib, “Senlar o’zbeksanlar. Senlardan bizga hech qanday foyda yo’q. Hali biz senlarga ko’rsatib qo’yamiz” deb bizni kaltaklashardi. Bu haqda bir necha marta komandir Sidorenkoga arz qildik, lekin natija bo’lmadi.

Ishxonada esa bizni hech kim qilmaydigan ishga qo’yib, ertalab soat 9 dan to kech 9 gacha ishlatishar edi.

Xizmatimizning dastlabki kunlari boshliqlarimizdan biri (keyinchalik u boshqa yerga ko’chib ketdi) “Oralaringda farg’onaliklar bormi? Senlar zo’r bo’lib ketgansanlar. Senlar urushqoq xalqsanlar” dedi.

Oradan ozgina o’tgach, besh o’zbek yigitini komandirimiz chaqirib olib, bizga rosa baqirdi (familiyasi Procenko): “Senlar bosmachisanlar. Odamlarni so’yasanlar. Men senlarni mana shu bilan so’yaman” deb, katta pichoqni ko’rsatdi. Shunda beshovimiz ham bizni bu yerlarga ajal haydab kelganini fahmladik. Uning gapiga qaraganda, o’zbeklar hech narsani bilmaydigan baranlar emish.

Bir kun Procenko bizdan bir yil avval xizmatga kelgan rus yigitlariga “o’zbeklarni qiynanglar” deb buyruq berdi. Keyin o’zi qo’l ostidagilarga qanday qiynash kerakligini namoyish etib, Qobul ismli (Toshkentdan, oqtepalik) do’stimni polga ag’darib, rosa urib, polda sudrattirdi. Shundan keyin qismimizda millatchilik avj oldi. O’zbek yigitlarini yovuzlarcha ura boshlashdi.

Shunday kunlarning birida (noyabr oyida) yonginamizdagi rotadan Najmiddin ismli yigitni pichoqlab o’ldirishdi.

Bizning rotadagi bolalarga – Murod, Anvar, Dilshod, Rustamlarga do’q qilib, pul topib kelishlarini buyurishgan. “Agar pul topib bermasalaring, senlarni o’ldiramiz” deyishgan. (Bu gapni menga shu yigitlarning shaxsan o’zlari gapirib berishgan). Bu yigitlar noiloj o’g’irlikka qo’l urishgan va ulardan ikkitasi qo’lga olingan (Rustam va Murod). Aybsiz aybdor, qo’ydik yuvosh bu yigitlar hozir qamoq jazosini o’tashmoqda. Ikkitasi esa qochib, Toshkentga kelgan.

Bu voqeadan ozgina o’tgach, Safar ismli qo’yliqlik (toshkentlik, A.Sh.) yigitni osib o’ldirishgan (bu o’limning tarixi juda uzoq, kim unga qiziqsa, gapirib beraman).

O’zbek yigitlari qismdan qochish kerakligini, bo’lmasa ularni ham shunday o’lim kutayotganini ich-ichlaridan his qilib, bir necha marotaba qismdan qochishga, o’z yurtlariga qaytishga, to’g’ri Sizning qabulingizga kelib, hamma voqealarni aytib berishga harakat qilishgan. Lekin yonlarida hech qanday hujjatlari bo’lmagani uchun qo’lga tushib, yana qismga qaytishga majbur bo’lganlar.

Hurmatli Prezident! O’lim soatlarini kutib yotgan o’sha yigitlar Sizga bu voqealarni tezroq yetkazishimni iltimos qilishdi. “Bu yerdan bizni tezroq olib ketishsin. Boshqa yerda Vatan uchun 10 yil bo’lsa ham xizmat qilamiz. Agar olib ketishlarining iloji topilmasa, kelib ahvolimizni ko’rib ketsinlar” deyishdi. Bu iltimosni Sizga yetkazish uchun men ont ichganman.

Men Sizga vafoti yaqinginada nafaqat butun Toshkentni, balki butun jumhuriyatimizni larzaga keltirgan go’zal bir yigit – mening qadrdon do’stim, marhum Mahmudov (Muxamedov, A.Sh.) Husniddin haqida yozishni lozim topdim.

Shu yilning aprel oyi edi. O’sha kuni do’stim Uyg’un naryadda rota navbatchisi bo’lib qoldi. Men esa rahmatli do’stim bilan ishga ketdim. Har bir qurilish bo’limlarida bo’lgani kabi, bizning ham ish joyimizda kiyinib-yechinadigan vagonimiz bor edi. Do’stimning o’limiga sabab bo’lgan voqeadan 10 minut ilgari 5 kishi (uchtasi qamoq muddatini o’tayotgan rus yigitlari) vagonda birin-ketin kiyimlarimizni almashtirdik. Vagondan avval uch rus yigiti chiqib ketdi. Ulardan keyin Husniddin chiqib keta turib, menga: “Baxtiyor, sen choy qo’yib turgin, bir pas turib ichamiz” dedi. Men choy qo’ydim. Oradan biroz o’tgach, biz bilan birga yechinib-kiyinadigan rus yigitlaridan biri yugurib kirdi-yu, pichoqni ko’tarib, chiqib ketdi. Men qo’rqib ketdim va ketidan u kirib ketgan joyga o’zimni urdim. Ammo meni, hech narsa bo’lgani yo’q, deb tinchlantirib, o’sha yerga qo’yishmadi. Men ularning qo’lidan chiqib ketib, ichkariga kirgunimcha, do’stim transportyor lentasidagi bunkerga siqilib qolgan holda cho’zilib yotardi, faqat bir rus yigiti do’stimni tortib olmoqchi bo’lib turgan, qolganlari esa odamni o’limdan qutqarishni xayollariga keltirmay turishgan edi. Men Husniddinni bunker orasidan torta boshlaganimda to’planib turganlarning hammasi – master ham, kranchi xotin ham, 2 rus yigiti ham bamaylixotir chiqib ketishdi. Husniddin esa tez-tez nafas olar, men uning o’lmasligiga ishonar edim. “Tez yordam” mashinasiga chiqqanimizda do’stim ko’zini ochdi, menga bir qarab qo’ydi va yana holsizlanib ko’zini yumib oldi.

Vrachlar mashinaning ichida do’stimning ustki-ichki kiyimlarini yechib tashlashganlarida, men uning badanidagi teshiklardan qon tirqirab oqayotganini ko’rib, o’zimni yo’qotib qo’yay dedim. Shuncha iltimos qilsam ham, gospitalga birga borishga ruxsat berishmadi. O’sha kuni ishdan keyin to’g’ri gospitalga bordim, uning tirik ekanidan suyunib qismga qaytdim. Ertasiga ertalab yana xabar olgani borganimda do’stimning joni yarim kechada uzilganini aytishdi. Men rotaga qaytib borib, Husniddindan ayrilib qolganimizni yurtdoshlarimga aytdim. Hammamiz yig’ladik. Ayniqsa men u bilan qadrdon bo’lganim uchun do’stimning o’limini o’ylab, kechalari mijja qoqmay chiqdim.Meni doim bir savol qiynaydi: Husniddin qanday qilib o’ldi? Agar men uning o’rnida ishlagan bo’lganimda, lentaga ilinib, temirning orasiga tushib qolishim mumkinmidi? Har gal o’zimga o’zim: “Yo’q, mutlaqo bunday bo’lishi mumkin emas” deyman. Mendagi ichki bir tuyg’u bu yerda qandaydir men o’z ko’zim bilan ko’rib ulgurmagan boshqa sir borligini aytadi. Ammo dalilsiz hech kimga hech narsa deyishga haqqim yo’qligidan azoblanaman.

Hurmatli Prezident! Shu yilning 17 aprel kuni men rotada navbatchi edim. Praporshigimiz esa butun rota bo’yicha navbatchilik qilardi (ismi yodimdan ko’tarildi). U men turgan joyga kechasi kelib, Yusuf degan yigitning oldida meni rosa tepdi. Go’yo men hisob bermagan emishman (Baxtiyor bu yerda chest berishni nazarda tutgan bo’lsa kerak, A.Sh.). Men undan shu qadar kaltak yedimki, chiqib ketayotganida alam ustida uni bir soldim. (Keyin tushunsam, unga shu kerak ekan, qanday qilib bo’lsa ham mendan qutulmoqchi ekan). Ertasi kun ustimdan jinoiy ish qo’zg’atildi va bu haqda uyimga telegramma jo’natildi. Ammo telegramma boshqa ma’noda yozilgan edi. Mana, undan ko’chirma: “Vash sin samovolno pokidal chast. Na nego otkrito ugolovnoye delo” (“Sizning o’g’lingiz o’z bilganicha qismni tark etdi. Unga qarshi jinoiy ish ochildi, A.Sh.). (Bu qog’oz uyda turibdi). Men esa qismdan hech qayerga bir daqiqaga ham ketgan emas edim. Negadir meni sudga chaqirishmadi va ishni yo’q qilib yuborishdi. (O’shanda ular Toshkentdan komissiya borishi haqida xabar olishgan ekan).

9 may kuni mening hayotdan ko’z yumishimga oz qoldi. Shu kuni paraddan keyin bizga ozodlik (uvolneniye) berildi. Shahardan kelayotsam, bir yigit yonimga kelib, “Sen qayerdansan?” deb so’rab qoldi. Men javob bergan zahoti: “Seni anchadan beri kuzatib yuruvdik” deb, to’rt kishilashib meni chetga – hilvatroq joyga sudrashdi. U yerda menga atab og’ir armatura yashirib qo’yishgan ekan. O’sha bilan uch joyimga: qornimga, qo’limga, chap yuzim aralash miyamga qattiq urishdi. Yarim soatlardan keyin o’zimga kelib, o’rnimdan turmoqchi bo’ldim. Ammo ko’nglim aynib, qusa boshladim. Yana yotib qoldim. Cho’ntagimdan dastro’molimni olib, burnimdan tirqirab oqayotgan qonga tutdim. Keyin bosh kiyimim bilan ham qonlarimni artib, zo’rg’a qismga yetib keldim. Komandirga bo’lgan voqeani – meni yigitlar kuzatib yurishganini, o’ldirmoqchi bo’lishganini zo’rg’a-zo’rg’a gapirib berdim. Lekin toshbag’ir, noinsof Sidorenko pinagini ham buzmadi, “hech narsa qilmaydi, boraver” deb haydab chiqardi.

Men sanchastga bordim. Bolgan voqealarni gapirib berdim. Yaralarimni davolatdim. (Afsuski, armaturaning izi yuzimda bir umrlik tamg’a bo’lib qoldi). Shu orada ko’nglim yana aynidi. Meni gospitalga yotqizmoqchi bo’lishdi, lekin do’stim hayotdan ko’z yumgan joyga qadam bosgim kelmadi. Ahvolimni ko’rib-bilib turib, komandirning buyrug’i bilan meni ertalab ishga haydashdi.

12 may kuni Toshkentdan kelgan komissiya jonimga oro kirdi. Shishib, yiring boylab ketgan yuzimni ko’rib, uyga ketishim uchun otpuskaga ruxsat olib berishdi. Buni o’la-o’lgunimcha esimdan chiqarmayman.

19 mayda qismdan chiqib ketib, 30 mayda o’z oyoqlarim bilan (haliyam ishongim kelmaydi) uyimga kirib keldim. Ammo ko’p xayol suradigan bo’lib qoldim. Odamlarning gapirgan gapi ham menga darrov tushunarli bo’lib qolmaydi. Axir 8 iyunda qismga xizmatning qolgan yarmini ado etish uchun bir necha marta qamalib chiqqan kishilar orasiga qaytishim kerak. Men esa hech qachon bunday qilmayman.

Hurmatli Prezident! Bu xatda yozganlarim bir yil ichida ko’rgan-bilganlarimning juda ham qisqa qilib yozilgan bir qismi, xolos. Ishonamanki, Siz mening hayotda yashab yurishimga, sog’lig’imni tiklab olishimga, vahshiylar orasiga qaytib bormasligimga, o’sha yerlarda Sizdan umid qilib o’tirgan yurtdoshlarim taqdirining zudlik bilan hal bo’lishiga otalarcha yordam qilasiz.

Sizga cheksiz hurmat va katta ishonch bilan: BAXTIYOR” [15]

E’tibor bering: 1992 yil may oyida Ulan-Ude shahriga besh kishidan iborat komissiya, jumladan prof. O.Karimov va V.Inoyatovaning borishi sababligina yana bir o’zbek yigiti – Baxtiyor Mo’minqulovning hayoti saqlab qolingan edi! (V.Inoyatova 1956 yil 26 aprelda tug’ilgan, u hozir – 2005 yil dekabrida muxolif “Birlik” xalq harakati partiyasining Bosh kotibi va “Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining raisi bo’lib ishlamoqda).

1989 yil dekabrida “Birlik” XH markazi uchta xonasi bo’lgan bir qavatli uyga (Toshkent shahar, Mirza Ulug’bek tumani, Pishpek ko’chasi, 21-uy) ko’chib o’tdi. Prof. O.Karimov, kooperativ rahbari sifatida, bu markazni stol-stullar bilan ta’minladi. U bu haqda 1993 yil 6 iyulda Oliy sudda aytgan edi.

Ma’lumki, 1989 yilda Farg’onadagi kabi, 1990 yil iyunda kuchishlatar organlarning fitnasi tufayli Qirg’izistonning O’sh viloyatida girg’izlar va o’zbeklar o’rtasida qonli to’qnashuvlar keltirib chiqarildi, ya’ni O’sh-O’zgan fojiasi ro’y berdi. O’sha kunlarda O’sh viloyatiga qo’shni bo’lgan Farg’ona vodiysida yashayotgan bir necha ming o’zbeklardan iborat guruh O’sh-O’zgan o’zbeklariga “yordam berish” maqsadida yo’lga chiqdilar. O’zbekiston kuchishlatar organlarning sa’y-harakatlari, muxolif va hokimiyat vakillarining g’azablangan yosh o’zbek yigitlari oldida tushuntirish ishlarining olib borganliklari natijasida ularni to’xtatib qolishga muvaffaq bo’lindi. Prof. O.Karimov uch kechayu-uch kunduz o’sha yerda – chegara yaqinida edi va faol tushuntirish ishlarini olib bordi. Natijada minglab o’zbeklar to’xtatilgandi va uylariga qaytarib yuborish choralari ko’rilgandi. Prof. O.Karimov kuchishlatar organlar xodimlari, davlat arboblari, muxolifat vakillari bilan bir safda turib, ikki qardosh, qondosh xalq o’rtasida ro’y berishi mumkin bo’lgan etnik janjal, qon to’kilishlar va urush xavfining oldini olishga muhim hissa qo’shdi!

5. 1990 YILDA OZOD DEHQONLAR PARTIYASINING TUZILISH VA 1991 YILDA ODP TA’SIS QURULTOYINING QAYTADAN O’TKAZILISH TAFSILOTLARI

Prof. O.Karimov hayotni va oddiy dehqonlar muammolarini, shuningdek yerni, paxtachilikni va qishloq xo’jaligi mashinalarini yaxshi bila turib, butun umri davomida dehqonlarning ish va turmush sharoitlarini yaxshilash uchun kurashdi. Sovet Imperiyasi siyosiy tizimiga qarshi yolg’iz kurashishi natijasida orttirgan achchiq tajribasiga asoslanib, u muxolif Ozod Dehqonlar siyosiy partoyasini tuzishga qaror qildi. Bu partiyaning tashkil topish tarixi, ayniqsa uning birinchi qurultoyi haqida ko’pchilik batafsil bilmaydi. Shu sababli maqolamizda bu partiya tarixiga doir va professor O.Karimovning xizmatiga oid muhim ma’lumotlarni keltiramiz.
1990 yil 29 sentyabrda “Birlik” XH idorasida (Toshkent, Pishpek ko’chasi, 21-uyda) Ozod Dehqonlar partiyasi (ODP)ning ta’sis qurultoyi bo’lib o’tdi. (Muallif u paytlar “Birlik” XH Toshkent tashkiloti raisining birinchi o’rinbosari bo’lib ishlardi va ODPning ta’sis qurultoyini tashkil etishda imkon darajasida prof. O.Karimovga yordam bergandi. Shu sababli prof. O.Karimov o’z dastxati bilan muallif nomiga qurultoy qatnashchisining 34-raqamli vakolatnomasini yozib berdi va bu vakolatnoma kamina arxivida shu bugungacha saqlanmoqda.)
1990 yil oktyabrida ODPning “Ozod dehqon” gazetasi birinchi va yagona soni chop etildi. Shu gazetadan ODPning ta’sis qurultoyiga oid Axborotni keltiramiz.
“1990 yilning 29 sentyabrida Toshkentda O’zbekistonda birinchi bor tashkil etilgan O’zbekiston Ozod Dehqonlar demokratik partiyasining ta’sis qurultoyi bo’lib o’tdi. Qurultoy ishida jumhuriyat viloyatlaridan qariyb 50 vakil ishtirok etdi.
Yangi partiyani tashkil etilishida faol tashabbuskorlik ko’rsatgan taniqli olim, professor Olim Karimov qurultoy qatnashchilariga Ozod Dehqonlar partiyasi tashabbus guruhining Murojaatnomasini o’qib eshittirdi.
Tashabbus guruhining nomidan so’zga chiqqan SSSR jurnalistlar uyushmasining a’zosi Rajab Sobirov O’zbekiston Ozod Dehqonlar partiyasining Dasturi va Nizomi loyihalarini o’qib eshittirdi. Mazkur loyihalar ustida qizg’in muzokaralar bo’lib o’tdi. Mavzu yuzasidan 18 kishi so’z olib, o’z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Qurultoyda qisqa vaqt ichida asosiy masala atrofida ijobiy yakdillik hukm surayotganligi ma’lum bo’ldi. Shundan e’tiboran 29 sentyabr soat 13 da O’zbekiston Ozod Dehqonlar demokratik partiyasi ta’sis etildi deb e’lon qilindi.
Qurultoy partiyaning quyidagi dastlabki tashkiliy masalalarini ko’rib chiqdi:
1. Qurultoy qatnashchilaridan 26 nafari shu yerning o’zida O’zbekiston Ozod Dehqonlar demokratik partoyasi a’zoligiga ariza berdilar va ular birinchilardan bo’lib a’zolikka qabul qilindilar;
2. O’zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi M.Muhammadjonov partiyaning faxriy raisi;
3. Texnika fanlari doktori, professor Olim Karimov partiyaning raisi;
4. Huquqshunos adliyachi Botir Saidvaliyev, tabiatni muhofaza etish mutaxassisi Xursanali Ismatov, jamiyatshunos Nosirjon Qosimov, agronom Po’lat Boltaboyev, mirobchilik injeneri Hazratqul Xudoyberdiyevlar partiyaning kotiblari qilib saylandilar;
5. “Partiyaning “OZOD DEHQON” ro’znomasi va jaridasi ta’sis etildi. Birinchi kotiblikka saylangan Rajab Sobirov matbuot markazi raisi va ro’znoma hamda jaridaning muharriri etib saylandi.
Qurultoy tashkilotchilaridan Nizomiy nomidagi pedinstitut docenti Tolib Yoqubov ta’sis qurultoyining jumhuriyat paxtakorlari va dehqonlariga murojaatini o’qib eshittirdi.” [16]
(Tolib Yoqubov 1992 yil 2 fevralidan 1997 yil sentyabrigacha O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati (O’IHJ)ning 17 kishilik hay’at a’zolaridan biri edi, 1997 yil sentyabridan bugungi kungacha – 2005 yl dekabriga qadar OIHJning raisi bo’lib ishlamoqda.)
Rajabboy Idiyevich Sobirov haqida qo’shimcha ma’lumotlar. U 1947 yil 7 iyunda Buxoro viloyati, Romitan tumani, Qoqishtuvon qishlog’ida tug’ilgan. U jurnalist va gazeta muharriri bo’lib ishlagan. U 1990 yilda Ozod Dehqonlar partiyasini tashkil etishda ham, 2003 yilda ODPni qayta tashkil etishda ham faol harakat qilgan edi. Lekin uni 2004 yil yanvarida Buxoro viloyatida avtomashina urib ketdi. Uning ikki oyog’i va yelka suyagi sindi va olti oy gipslangan holda yurishga majbur bo’ldi. 2005 yil 11 mayda o’z uyida infarkt oqibatida vafot etdi (u Toshkent viloyati, Qibray tumani, Shodlik mahallasi, Ibrat ko’chasi, 130-uyda yashardi). Bu noxush xabarni muallif 2005 yil 29 noyabrda u bilan ODP to’g’risida suhbatlashish uchun uning uyiga borganida bildi. R.Sobirov turmush o’rtog’ining aytganiga ko’ra, Rajabboy aka va uning yaqin qarindoshlari 2004 yilda uni o’z mashinasida urib, qattiq jarohatlab ketgan haydovchini kechirishgan va u qamalmay, ozodlikda qolgan. Haidovchi esa Rajabboy aka o’limidan so’ng hatto motam marosimlariga biror marta kelmagan … Ex, o’zbek xalqi va demokratlari Rajabboy Sobirovdek kishilaridan ayrilmoqda …
1990 yilda O’zbekistondagi hokimiyat tepasiga kompartiyaning 1-kotibi I.Karimov rahbarligidagi kommunistlar hukmron edi. Ular muxolif Ozod Dehqonlar partiyasini rasman ro’yxatga olmasliklari ayon edi. ODPni rasman ro’yxatdan o’tkazish maqsadida prof. O.Karimov partiya raisligi mansabini VASXNIL va O’zR Fanlar akademiyasining akademigi, qishloq xo’jaligi fanlari doktori Mirzaali Valiyevich Muhammadjonovga [1.12.1914-18.03.2000] bo’shatib berishga qaror qildi. Shu sababli 1991 yil 23 noyabrda Toshkentda ODP faollarining yig’ilishi bo’ldi. Bu haqda 1991 yilda chop etilgan ODPning Dasturi, Nizomi loyihasi so’zboshisida quyidagicha yozilgan.
“1991 yil 23 noyabr kuni Toshkentda O’zbekiston Ozod Dehqonlar partiyasi tashabbus guruhining yig’ilishi bo’ldi.
Yig’ilishda Toshkent, Sirdaryo, Farg’ona, Andijon, Namangan, Samarqand va boshqa viloyatlardan vakillar ishtirok etdi.
Kun tartibi bo’yicha yig’ilishda O’zbekistonimiz mustaqil huquqiy demokratik, rivojlangan davlat miqyosida shakllanishi uchun eng avvalo dehqonchilikda yangi xo’jalik yuritish usullarini joriy etilishini, yerlarni dehqonlarga mulk qilib umrbodga berilishini, qishloqlar iqtisodini, social, madaniy-maishiy ahvolini tubdan yaxshilash zarurligi yuzasidan partiya tashabbus guruhining raisi, O’zFA akademigi Mirzaali Muhammadjonov va O’zbekiston xalq deputati Sadrali Umarovlarning ma’ruzalari eshitildi.
Yig’ilishda Ozod Dehqonlar partiyasining dasturi va nizomining loyihalari ko’rib chiqildi. Ko’rilgan masalalar yuzasidan muhokamalarda Farg’ona viloyati Bag’dod tumani ijarachi-zveno boshlig’i Abdurahim Jo’rayev, viloyat “Birlik” xalq harakati raisdoshi O’ktam Ahmedov, Andijon viloyati Baliqchi tumani konserva zavodi direktori Mo’ydinjon O’rinov, Qo’rg’ontepa tumanidagi Savay qishloq sovetining raisi Zokirjon Nabiyev, Sirdaryo viloyati Qibray tumanidan ijarachi Risqali Ziyoviddinov, Yangiyo’l tumanidan fermer Saydolim Oqilov, O’zFA muxbir a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Haydar Po’latov, “Birlik” xalq harakatining raisdoshi, matematika (texnika, A,Sh.) fanlari doktori Abdurahim Po’latov, “Erk” demokratik partiyasining vakili Shodi Karimov va boshqalar o’z taklif va mulohazalarini bayon etishdi.
Yig’ilish partiyaning nizomi va dasturi loyihasini xalq muhokamasiga tashlash uchun jumhuriyat matbuotida e’lon qilishni va 1991 yil 14 dekabr kuni O’zbekiston Ozod Dehqonlar partiyasining ta’sis qurultoyini Toshkent shahrida chaqirishni lozim deb topdi, shuningdek qurultoyni o’tkazish siyosiy tashkiliy qo’mitasi tuzildi.
O’zbekiston Ozod Dehqonlar partiyasi tashabbus guruhining raisi, akademik M.Muhammadjonov.” [17]
Akad. M.Muhammadjonovning ODP haqida “Yosh leninchi” gazetasi muxbiriga bergan suhbati (intervyisi) 1991 yil 7 dekabr sonida chop etilgan ([18] ga qarang].
Natijada 1991 yil 14 dekabrda Toshkentda Ozod Dehqonlar partiyasining yana bir marta ta’sis qurultoyi bo’lib o’tdi. Unda akad. M.Muhammadjonov ODP raisi, prof. O.Karimov – ODP MQning Bosh kotibi, Hazratqul Xudoyberdiyev va Marat Zohidov – partiya MQ sining kotiblari etib saylandilar.
1992 yil yanvarida prof. O.Karimov va ODP MQ sining a’zosi, fermer Risqali Ziyaviddinov ODP ta’sis qurultoyi hujjatlarini O’zR Adliya vazirligiga olib borishdi. Ularni u yerda Adliya vaziri Muhammad-Bobur Malikov iliq kutib oldi. 1992 yil fevralida O.Karimov va R.Ziyaviddinov Adliya vazirligiga javob xatini olish uchun borishgan. Ularni yana M-B. Malikov o’z kabinetida kutib olgan va ODP ro’yxatga olinmaganligini aytib, sabablari yozilgan xatni ularga bergan.
O’zbekiston Inson huquqlarini himoya qilish harakati asoschilaridan biri Abdumannob Po’latov 1990 yil kuzida bunday yozgan edi.
“Ozod Dehqonlar partiyasi 1990 yil kuzida tashkil etilgan. Uning 2-qurultoyi 14 dekabrda (1991 yilda, A.Sh.) Toshkentda bo’lib o’tdi. Partiyaning asosiy maqsadi – yerlarni dehqonlarga xususiy mulk qilib berish. Adliya vazirligi ro’yxatda keltirilgan partiya a’zolarining bir qismi haqidagi ma’lumotlar haqiqiy emasligini aytib ODPni ro’yxatdan o’tkazmadi.
Ta’kidlayman: O’zbekistonning jamoat birlashmalari to’g’risidagi qonunga ko’ra siyosiy partiyalar 3 mingtadan kam bo’lmagan a’zolarining manzillari haqidagi ma’lumotlar ro’yxatini ilova qilgan holda bir oy ichida Adliya vazirligiga topshirish talab etiladi. Adliya vazirligi esa berilgan hujjatlarni ikki oy davomida o’rganadi.
Faqat “Birlik” va Ozod Dehqonlar partiyalari topshirgan hujjatlargina juda puxta tekshirildi, boshqa uchta holda – eski va yangi kompartiya, shuningdek “Erk” partiyasi uchun esa – prezidentdan bunday ko’rsatma berilmagan edi. Qolaversa, Ozod Dehqonlar partiyasi borasida og’zaki qo’shimcha qilindi: Toshkentda 16 yanvarda (1992 yilda, A.Sh.) talabalar namoyishi o’qqa tutilgandan so’ng Islom Karimov siyosatiga norozilik bildirilgan va uning iste’fosi talab etilgan ommaviy (kollektiv) xatga partiya nomidan ODP kotibi Hazratqul Xudoyberdiyevning imzo chekishi bosh sababdir.” [19]
Keyinchalik – 1992 yil ikkinchi yarmida O’zbekistondagi avtoritar siyosiy tizim tomonidan bir guruh demokrat rahbarlar va faollar, jumladan professor Olimjon Karimov ustidan “Milliy Majlis ishi” nomli uydurma sud ishi ochildi va shu yo’l bilan muxolif Ozod Dehqonlar partiyasi bo’g’ib tashlandi.

6. 1992 YILDA “MILLIY MAJLIS” TASHKILOTINI TUZISHGA URINISHLAR VA UNDA PROF.
O.KARIMOVNING ISHTIROK ETISHI
6.1. 1991 YIL OXIRI – 1992 YIL BOSHIDA MAMLAKATIMIZDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY VAZIAT VA
O’ZBEKISTON DEMOKRATIK KUCHLAR FORUMINING TUZILISHI

Ma’lumki, O’zbekiston 1991 yil 1 sentyabr kuni Mustaqil davlat bo’ldi. 1991 yil 29 dekabrda esa ikki muqobil nomzod – Islom Karimov va Muhammad Solih (Salay Madaminov) o’rtasida O’zR prezidentligi uchun saylov bo’lib o’tdi. Lekin demokratlarga qarshi repressiyalar (lotincha repressio bostirish – “davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan qamoq, surgun kabi jazo choralari” [20, 2-j., 623-b.]) prezidentlik saylovi arafasida boshlandi. 1991 yil 17 dekabr kechqurun Tal’at Holiqov yashayotgan Toshkent shahridagi Kattabog’ mahallasida mahalla ahli bilan “Birlik”chilarning uchrashuvi belgilangan edi (T.Holiqov haqida 4-bandda ham yozgandik). T.Holiqov kechki payt Kattabog’ mahalla choyxonasi oldida “Birlik”chilar va mahalladoshlarining kelishini kutib turgan vaqtda “noma’lum shaxslar” deb atalmish “qora kuchlar” uning boshiga armatura bilan urishdi va boshini yorishdi. T.Holiqov avval 10 kundan ortiqroq kasalxonada, so’ngra bir oydan ziyodroq uyda yotib davolandi. Olloh yordam berib u shifo topdi. [13, 13-14-b.]
1992 yil 16-17 yanvar kunlari Toshkentdagi Talabalar shaharchasida talabalarning norozilik chiqishlari bo’lib o’tdi. Ushbu qurolsiz talabalarni avtoritar rejim kuchishlatar organlar xodimlari o’qqa tutishi va kaltaklashi oqibatida ikki talaba halok bo’ldi, 10 nafari o’qlardan yarador, 104 nafari yarador bo’ldilar, ulardan 94 kishi vrachlarga murojaat qilib, davolanishdi [21].
1992 yil 23 yanvar kuni O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi (Pushkin ko’chasi, 1-uy) oldida “Birlik”chi jurnalist Abdurashid Sharipovni ham “qora kuchlar” kaltaklab, armatura bilan urib boshini yorishdi [13, 13-14-b.] (u 1993 yilda O’zbekistonni tark etdi va Yevropa mamlakatlarning birida siyosiy boshpana olib yashamoqda).
Mana shunday og’ir sharoitlarda – ommaviy repressiyalar boshlanishi arafasida O’zbekiston demokratlari birlashish chora-tadbirlarini ko’ra boshladilar. O’zR Oliy Kengashining deputati, jurnalist Jahongir Mamatov 1992 yil fevralida O’zbekiston Demokratik kuchlari Forumi (O’DKF) tuzishni taklif etdi. (J.Mamatovning muallifga 2005 yil 5 dekabr kuni elektron pochta orqali yuborgan ma’lumotiga ko’ra, u O’DKF g’oyasini ilk bor O’zbekiston Demokratik islohotlar harakati raisi (bu Harakat 1992 yil fevralida O’zR Adliya vazirligida ro’yxatga olingandi), falsafa fanlari doktori, professor Fayzulla Isoqovga aytgan va O’DKF ta’sis yig’ilishida Demokratik islohotlar harakati nomzodi sifatida J.Mamatov va F.Isoqov ro’yxatga olinganlar.)
1992 yil 28 mart kuni “Erk” demokratik partiyasi idorasining majlislar zalida O’zbekiston Demokratik kuchlar Forumi (O’DKF)ning ta’sis majlisi bo’ldi. Unda O’zbekiston xalq deputatlari Jahongir Mamatov, Muhammad Solih, Shukrullo Mirsaidov (sobiq O’zR vice-prezidenti), Toyiba To’laganova (1997 yilda vafot etdi), Samandar Qo’qonov (1994 yilda 22 (!) yilga qamalgan va bugungi kunda hali ham qamoqxonada), Imom Fayzi (bugungi kunda “Erk” demokratik partiyasining Buxoro viloyat, Peshku tuman tashkilotining kotibi), Nasrullo Said (EDP Buxoro viloyat tashkilotining kotibi, u qamalish xavfi bo’lganligi sababli 2005 yil 19 noyabrda O’zbekistonni tark etdi va Qirg’izistonga jo’nab ketdi) ham ishtirok etishdi. Majlisda shuningdek shoir va hofiz Dadaxon Xasan, shoira va jurnalist Gulchehra Nurullayeva, tarix fanlari doktori, professor Bo’riboy Axmedov [12.08.1924 - … ], iqtisod fanlari doktori, professor Ahmadyor Shokirov, 1982 yildan beri SSSR Xalq artisti, professor Zohid Haqnazarov va boshqalar qatnashdilar. Yig’inda O’DKF ta’sis majlisining Bayonoti qabul qilindi va unga “Erk” demokratik partiyasi nomidan – M.Solih, “Birlik” xalq harakati nomidan – raisdosh, akademik B.Toshmuhammedov, “O’zbekiston yosh olimlari va mutaxassislari uyushmasi” nomidan – Noosfera instituti direktori, iqtisod fanlari nomzodi Z.Isroilov, Demokratik islohotlar harakati nomidan – F.Isoqov imzo chekdi. [22]
Ta’kidlash lozimki, O’DKF tashkilotchilari tomonidan jiddiy kamchilikka yo’l qo’yilgandi: demokratik tashkilotlar rahbarlarining bunday muhim yig’iniga Ozod Dehqonlar partiyasining rahbarlari – akademik M.Muhammadjonov, prof. O.Karimov va ODP kotibi X.Hudoyberdiyev taklif qilinmadilar. Bu haqda O.Karimov Oliy sudda 1993 yil 6 iyulda aytdi. O’DKF tashkilorchilarining yana bitta xatosini J.Mamatov 2005 yil 5 dekabrda elektron pochta orqali kaminaga yuborgan xatida yozgan: tashkilotchilar mezbon sifatida bunday muhim yig’ilishga atab taklifnomalar tayyorlashmagan. Shu sababli ba’zi tashkilot rahbarlari, masalan “Birlik” XH raisdoshlari A.Po’latov va Sh.Ismatullayev taklifnoma berilmaganligi tufayli “Biz bexabarmiz”, deb yig’ilishda ishtirok etishmagan.

6.2. “MILLIY MAJLIS” TASHABBUS GURUHINING TUZILISH VA FAOLIYAT TAFSILOTLARI

Endi “Milliy Majlis” tashkiloti Tashabbus guruhining tuzilish va faoliyati tarixini bayon qilaylik. O’zbekiston “Birlik” xalq harakati Markaziy Kengashi a’zosi, uning Toshkent viloyat tashkilotining raisi va Ozod Dehqonlar partiyasining kotibi Hazratqul Xudoyberdiyev o’zining [23] maqolasida ta’kidlashicha, u 1992 yil mart oyida “Mustaqil haftalik” gazetasida “Milliy Kengash tuzish zarur” degan maqola chop ettirgan. U “Milliy Majlis” haqida [23] maqolada jumladan quyidagicha yozgan.
“Bir oy o’tgach (1992 yil aprelida) “Birlik” xalq harakati Markaziy Kengashining majlisi bo’layotgan edi. Unda MKning 54 a’zosi qatnashayotgandi va bu majlisni Harakatning raisdoshlari Abduraxim Po’latov va Shuhrat Ismatullayev olib borayotgandi. Hazratqul Xudoyberdiyev majlis prezidiumidan so’z berilishini bir necha marta so’radi, ammo A.Po’latov o’jarlik bilan unga so’z bermadi va tadbir boshqaruviga xalaqit bermaslikni iltimos qildi. Majlis oxirrog’ida H.Xudoyberdi Prezidiumga teskari o’girilib, zalga – MK a’zolariga murojaat etdi va yig’ilganlar bir ovozdan unga so’z berishga qaror qilishdi. Mana shunda u jamiyatni boshqaruvchi yangi organ – jamoat parlamentini tuzish zarurati borligi to’g’risidagi dastlabki murojaat bilan chiqdi. Avvaldan “Milliy Kengash” nomi taklif etilgandi. Ma’ruzachi ishlab chiqilgan yangi tashkilot Ustavini o’qib berdi. Majlis qarori bilan MK bu loyihani muhokama etish uchun barcha siyosiy va davlat tashkilotlariga murojaat qildi. Harakat raisdoshi Shuhrat Ismatullayev qarorni majlis bayonnomasiga yozib qo’ydi.
Tafsilotlar: “Milliy Majlis” loyihasini ba’zi bir tuzatishlar bilan “Birlik” xalq harakati, “Erk” demokratik partiyasi, Islom uyg’onish partiyasi, O’zbekiston Kasaba uyushmalarining Mustaqil tashkiloti, Turkiston xalq harakati, “Erkin yoshlar” ozod yoshlar uyushmasi, Ozod fermerlar associaciyasi, Ozod Dehqonlar partiyasi, “Tumaris” xotin-qizlar uyushmasi qo’llab-quvvatladi …
Shunday qilib, tez orada 6 kishidan iborat “Milliy Majlis” tashkiliy qo’mitasi tuzildi (kishilarning familiyasi va ismi bu g’oyaga jalb qilish tartibida keltirilmoqda): Hazratqul Xudoyberdi (g’oya tashabbuskori, O’rta Osiyo irrigaciya instituti (O’OII – SANIIRI) katta ilmiy xodimi), Salavat Umurzoqov (Toshkent Irrigaciya (va qishloq xo’jalik, A.Sh.) instituti o’qituvchisi), Abdulaziz Maxmudov (respublikada taniqli kinooperator), Olim Karimov (professor), Bobir Shokirov (sobiq dissident, mustaqil siyosatchi, biznesmen), Atanazar Arifov (fizika-matematika fanlari doktori, O’zbekiston Konstituciyasi dastlabki loyihasining muallifi) va Timur Salimov (respublikada dastlabki tadbirkorlar mustaqil kasaba uyushmasining raisi). Tashkiliy qo’mitaning birinchi yig’ilishidas Bobir Shokirov mustaqil siyosatchi sifatida rais etib saylandi. Tashkiliy qo’mitaning qizg’in faoliyati boshlandi va u 3 oy davomida – uning a’zolari va yig’ilish ishtirokchilari qamoqqa olina boshlaganiga qadar ishladi.” [23]
“Milliy Majlis” tashkiliy qo’mitasining topshirig’i bilan Salavat Umurzoqov Tataristonga yuborildi. U u yerda Tatariston muxtor respublikasi Oliy Kengashi bilan baravariga (parallel) ish tutayotgan va faoliyati jamoatchilik asosiga (xarakteriga) ega bo’lgan Tatariston “Milliy Majlisi” materiallari (ma’lumotlari) bilan tanishdi. Bundan so’ng u Ozarbayjonga bordi va u yerda Ozarbayjon Xalq frontining Ustavini oldi (S.Umurzoqov 2005 yil 14 dekabrda muallif bilan o’tkazgan suhbatida aytishicha, u o’sha kunlarda faqat Ozarbayjonga borib kelgan, A.Sh.). Shundan keyin tashkiliy qo’mita H.Xudoyberdiyevga ushbu barcha materiallarni o’rganib, o’z faoliyatida yanada kengroq miqyosda qamrab oluvchi O’zbekiston “Milliy Majlis” Ustavi va Dasturini ishlab chiqishni topshirdi. Lekin shunda tashkiliy qo’mitada fikrlar bo’lindi. G’oya muallifi H.Xudoyberdi “Milliy Majlis” faoliyatining jamoatchilik asosida bo’lishini qattiq turib talab qildi. Ya’ni u barcha shahar va qishloqlardagi har xil jamoatchilik uyushmalari va birlashmalari orqali aholining keng qatlamlarini qamrab olishi kerak edi.
B.Shokirov rahbarligidagi guruh yangi g’oyada mavjud bir partiyalik kommunistik Oliy Kengash o’rniga qonun chiqaruvchi hokimiyatning yangi tuzilmasini (strukturasini) ko’rar edilar. Biroq ko’pchilik H.Xudoyberdi tomonida edi, chunki yaqin orada (vaqtlarda) mavjud parlament yangicha mazmundagisiga almashtirilishi imkonsiz edi. Jamoatchilik Parlamenti esa demokratikroq bo’lib, osongina amalga oshirsa bo’ladiganga o’xshab ko’rinardi.” [23]
Endi 1993 yil 1 iyuldan 6 avgustgacha O’zR Oliy sudida ko’rilgan “Milliy Majlis ishi” bo’yicha qatnashganlarning ko’rsatmalari va ulardan ba’zilari bilan muallif shaxsan suhbatlashib aniqlashtirgan faktlar asosida “Milliy Majlis” (MM) tashkilotini tashkil etish voqealarini tiklashga harakat qilamiz (MM ishtirokchilarining ba’zilari haqidagi shaxsiy ma’lumotlar 8-bandda keltirilgan).
1992 yil may oyi oxirida Hazratqul Xudoyberdiyev va Salavat Umurzoqov o’zaro kelishgan holda Sayilgoh (sobiq Karl Marks) ko’chasidagi choyxonada uchrashdi. Ular bir piyola choy ustida yaqinda tuzilgan O’zbekiston Demokratik kuchlarining Forumi (O’DKF) va mamlakatimizdagi har xil demokratik partiyalar va harakatlarni birlashtiruvchi alohida tashkilot tuzishni muhokama qildilar. Shunda bu tashkilotni kim boshqarishi mumkin, degan savol tug’ildi. S.Umurzoqov birorta muxolif tashkilotlarga a’zo bo’lmagan Bobir Shokirov nomzodini taklif etdi. Suhbat oxirida 6 iyunda shu choyxonada yana uchrashishga, bunga turli tashkilotlardan bir necha faol demokratlarni taklif etishga va bu masalalarni yana bir marta muhokama etishga kelishishdi.
“Milliy Majlis” tashkilotining birinchi norasmiy yig’ilishi 1992 yil 6 iyunda (shanba kuni) Sayilgoh ko’chasidagi choyxonada bo’lgan. Yig’inda X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov, professor Shodi Karimov (u o’sha paytlari “Erk” demokratik partiyasi Toshkent shahar tashkilotining 1-kotibi edi, u 2001 yil 10 sentyabrda infark oqibatida vafot etdi), kinooperator Abdulaziz Maxmudov, tadbirkor Timur Salimov va yana bir ayol (1993 yil iyul oyida Oliy sudda ayblanuvchi bo’lib ishtirok etgan kishilar uning ismi sharifini eslay olishmadi (eslashni xohlashmadi)) qatnashgan. Ular stol atrofida davra qurib bir piyola choy ustida O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy ahvol, siyosiy partiyalar va harakatlarning faoliyatini muhokama qildilar. T.Salimov iqtisodiy muammolar haqida, shuningdek deyarli bitta partiya – Xalq demokratik partiyasi a’zolaridan iborat mavjud Oliy Kengash haqida gapirgan (Oliy Kengashda o’sha vaqtlar EDPdan, “Vatan Taraqqiyoti” partiyasidan ham oz bo’lsada deputatlar bor edi). Ular shuningdek parlamentni ko’ppartoyaviylik asosida tashkil etish va uni Milliy Majlis deb atash kerakligi haqida suhbatlashishgan. Ular Tataristonda 1992 yil 2 fevralda “Milliy Majlis to’g’risida” qonun qabul qilinganligini, Ozarbayjonda esa parlament Milliy Majlis deb atalishini eslashdi. Ular tajribasi va qarorlarini o’rganishga ahd qilishdi. Suhbat oxirida bir haftadan keyin uchrashishga kelishishdi.
1992 yil 8 iyunda O’zbekiston davlat rahbarlari Qo’qon shahri markaziy istirohat bog’ida tosh ochish marosimini o’tkazdi. Toshga “Bu joyda O’zbekiston ozodligi va mustaqilligi uchun kurashganlar xotirasiga haykal o’rnatiladi” degan mazmunda yozuv bor edi. Shu toshni ochilish marosimida ishtirok etish uchun Qo’qonga B.Shokirov, X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov, A.Maxmudov avtomobilda Toshkentdan jo’nab ketishdi. Avtomashina rulini B.Shokirov amakisining o’g’li Alisher Shokirov boshqardi (u 1957 yilda tug’ilgan). Ta’kidlash lozimki, ushbu haykal bugunga qadar qo’yilgan emas (muallif O’zbekiston Respublikachilar partiyasining boshlang’ich tashkilotlarini tuzish maqsadida 1994 yilda Qo’qon shahriga ham borgan edi, u o’shanda markaziy istirohat bog’ida o’rnatilgan o’sha katta toshni ko’rgan edi). Qo’qondagi haykal voqeasi ham xalqqa kommunistchasiga yolgon va’dalar berib laqillatishga o’rgangan hozirgi davlatimiz rahbarlarining navbatdagi aldovi edi.
“Milliy Majlis” tashabbuskorlarining ikkinchi norasmiy uchrashuvi Bobir Shokirov xonadonida bo’lib o’tdi. Hafta o’rtasida – 9 va 11 iyun oralig’ida B.Shokirov xonadoniga X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov, prof. Shodi Karimov, T.Salimov va yana bir ayol kelishdi. Davrada Bobirning akasi Uvays Shokirov (1945 yilda tug’ilgan) ham bor edi. Muhokama davomida tuzilajak tashkilotni “Milliy Majlis” deb atashga qaror qilishdi. Tashkilotning bosh maqsadlaridan biri deb qonun loyihalarini tayyorlab, avvaliga siyosiy partiyalarda muhokama etish va so’ngra O’zR parlamentiga berish, deb kelishishdi. Yig’ilish oxirida 13 iyun kuni T.Salimov idorasida – “Tadbirkor” gazetasi muharririyati binosida uchrashishga qaror qilishdi. Birinch va ikkinchi yig’ilish davomida bayonnoma yozilmagan va barcha muhokamalar og’zaki bo’lgan.
1992 yil 9 va 11 iyun orasida S.Umurzoqov prof. O.Karimov xonadoniga kelib, uni “Milliy Majlis”ning navbatdagi – 13 iyun kungi yig’ilishiga taklif etgan. 13 iyunga qadar X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov va B.Shokirov “Milliy Majlis qanday bo’lishi kerak?” degan savolga javob beradigan hujjat loyihasini yozishga harakat qilishgan.
“Milliy Majlis”ning uchinchi yig’ilishi 1992 yil 13 iyunda (shanba kuni) T.Salimov ishxonasida – “Tadbirkor” gazetasi muharririyatining binosida (Toshkent, Movoraunnahr ko’chasi, -uyda) bo’lib o’tdi. Unda 20 ga yaqin kishi ishtirok etdi: X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov, A.Maxmudov, B.Shokirov, T.Salimov, Sh.Karimov, prof. O.Karimov, Ahmad A’zam (“Erk” dempartiyasining Bosh kotibi), Shuhrat Ismatullayev (“Birlik” xalq harakati raisdoshi), Qahramon G’ulomov (“Muloqot” klubining rahbari), Abdulla O’tayev ((O’zbekiston Islom uyg’onish partiyasining amiri (raisi)), Bahrom G’oyib (Turkiston xalq harakati raisi), Marat Zohidov (o’sha paytda O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatining a’zosi, Ozod Dehqonlar partiyasining kotibi edi), Uvays Shokirov va boshqalar. Yig’ilishga prof. O.Karimov sal kechikib kelgan. Bu paytda B.Shokirov so’zlab turgan edi. O.Karimovga to’rdan joy berishgan va yig’ilishni olib borishni iltimos qilishgan. Yig’ilish davomida bayonnoma yozilmagan va yig’ilish raisi saylanmagan.
Yig’ilishda A.A’zam ham so’zlagan: “Yaqinda Shukrullo Mirsaidov rahbarligida O’zbekiston Demokratik kuchlar Forumi tuzildi. Bu muammolar bilan Forum shug’ullanmoqda. Yana bitta shunday tashkilot tuzishning nima keragi bor?”. Shuhrat Ismatullayev: “Avvalo bu “Milliy Majlis”ning o’zi nima? Qrim-tatar Milliy Majlisi bor, Tatariston Milliy Majlisi bor, Hindistonda Milliy Kongress partiyasi bor. Sizlarning Milliy Majlislaringiz shulardan qaysi biriga o’xshaydi va nimasi bilan farq qiladi?” degan. Yig’ilish davomida prof. O.Karimov tuzilayotgan MMga Sh.Ismatullayev nomzodini raislikka tavsiya etgan. Shunda Sh.Ismatullayev: “Men Mmga rais ham, a’zo ham bo’lmayman. Bu yerda qatnashayotganlar “Birlik” XH nomidan qatnashishga huquqlari yo’q. Xususan Hazratqul ham, boshqalar ham faqat o’z nomidan qatnashishlari mumkin” deb javob bergan (bu haqda Sh.Ismatullayev muallifga 2005 yil 7 dekabr kungi suhbatda aytdi).
Yig’ilishda ko’pchilik MMni tuzish g’oyasini qo’llab-quvvatlashdi. “Qaysi yo’ldan boramiz?” degan masala muhokama etilayotganda har xil fikrlar aytildi. Davlatga qarshi hech qanday fikrlar bo’lmadi. Uch soatlik muhokamalardan so’ng tashkilotni “Milliy Majlis” deb atashga kelishildi. MM Tashabbus guruhining raisi etib B.Shokirov saylandi. B.Shokirov Tashabbus guruhi a’zoligiga nomzod etib X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov va A.Maxmudovni ko’rsatdi. X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov va B.Shokirov tomonidan tayyorlangan MM haqidagi hujjat loyihasi 3-yig’ilish qatnashchilari tomonidan rad qilindi va Tashabbus guruhiga MM to’g’risida yangidan hujjat loyihasini tayyorlash topshirildi. MM hujjatini Tuzuk deb atashga kelishishdi (bu so’z 14-asrda yozilgan mashhur “Temur tuzuklari”dan olingan edi).
1992 yil 15 iyunda Farg’onada “Birlik” XH va “Erk” DP faollarining yig’ilishi bo’ldi. Unda B.Shokirov va A.Maxmudov qatnashdi. Yig’ilishda B.Shokirov “Milliy Majlis to’g’risida” degan mavzuda gapirdi. U paytda MMga doir birorta hujjat tayyor emas edi.
3-yig’indan keyin Tashabbus guruhi MM Tuzugi (dasturi)ning loyihasini tayyorlashdi va har bir muxolif partiyada alohida muhokama etishga qaror qilishdi. Muhokama davomida beriladigan takliflar va qo’shimchalar asosida MM Tuzugining yangi loyihasini tayyorlash va 1992 yil 19 iyunda bo’ladigan 4-yig’ilishga tavsiya etishni rejalashtirishdi. “Milliy Majlis to’grisida” Tuzukning 2-loyiohasini tayyorlashgach, to’rt safdosh – B.Shokirov, prof. O.Karimov, X.Hudoyberdiyev, S.Umurzoqov “Erk” DP idorasiga kelishdi va EDP raisi Muhammad Solih kabinetiga kirishdi (EDP idorasining o’sha paytdagi manzili: Toshkent, Hamza ko’chasi, 58-uy; hozir bu bino yonidagi O’zR Bosh prokuraturasi binosiga qo’shib, bitta yaxlit binoga aylantirilgan).
M.Solih Tuzuk loyihasini o’qib chiqib, shunday degan: “Axir bu parlament loyihasiku. Buni amalga oshirish uchun katta potencial (lotincha potentia – imkoniyat, quvvat) kerak”. Prof. O.Karimov: “Iltimos, bu taklifni ko’rib chiqsalaringiz va bu hujjat loyihasini tahrir etishda bizga yordam bersangiz” degan. Suhbat davomida kabinetga Ahmad A’zam kirgan va shunday degan: “Bu Milliy Majlis Forumga aynan o’xshaydi, ular sonini ko’paytirishning nima keragi bor?”. M.Solih bunga javoban: “Bular atayin kelishibdi. Keling, loyiha bilan tanishaylik” deb javob bergan. Natijada MM Tashabbus guruhi Tuzuk loyihasining bitta nusxasini EDPda o’rganilishi uchun qoldirishgan. M.Solih ushbu nusxani EDP MK a’zosi va MK kotibi, texnika fanlari doktori Atanazar Arifovga bergan.
1992 yil 15 va 18 iyun oralig’ida O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xonalaridan birida bir guruh ziyolilar “Milliy Majlis” va boshqa muammolar to’g’risida muhokama qilishgan. Muhokamaning katta qismi yer muammosi atrofida bo’lgan. Ko’pchilik yozuvchilar, shuningdek “Birlik” XH raisdoshlari Sh.Ismatullayev va A.Po’latov “Milliy Majlis” borasida A.Maxmudovga ko’pgina salbiy fikrlar aytishgan. Shu sababli A.Maxmudov MMning 1992 yil 19 iyundagi 4-yig’ilishga bormagan (bu haqda A.Maxmudov kaminaga 2005 yil 1 iyulda aytdi). Ko’p vaqt o’tmay MMdan T.Salimov ham uzoqlashdi.
MM Tashabbus guruhining 4-yig’ilishi 1992 yil 19 iyunda (juma kuni) “Tadbirkor” gazetasi muharririyati binosida bo’lib o’tdi. Unda texnika fanlari doktori Atanazar Arifov birinchi marta ishtirok etdi. Yig’ilishda A.Arifov, O.Karimov, B.Shokirov, H.Xudoyberdiyev, S.Umurzoqov, Sh.Karimov, Turkiston xalq harakati rais o’rinbosari, fizika-matematika fanlari nomzodi, O’zR FA Yadro fizikasi instituti xodimi Izatilla Nuriddinov va FA Geologiya va geofizika instituti xodimi Seitbay Baydullayev qatnashgan. (I.Nuriddinov 1994 yilda doktorlik dissertaciyasini yoqlagan va 1997 yilda professorlik unvonini olgan, u hozir – 2005 yil dekabrida ham FA Yadro fizikasi institutida ishlamoqda. Uning aytishicha, S.Baydullayev hozir Qozog’istonga ko’chib ketgan.)
Yig’ilishda I.Nuriddinov: “Milliy Majlisni tuzishdan maqsad nima?” deb so’ragan. Bobir Shokirov buni tushuntirishga harakat qilgan. Shunda I.Nuriddinov: “Bu tashkilotning legitimligi (lotincha legitimus qonuniy, qonunlashtirilgan, A.Sh.) yo’q. Bu noto’g’ri g’oyadir. Bu qamoqqa tiqib qo’yislariga bahona bo’ladi” degan.
4-yig’ilish davomida majlis bayonini S.Umurzoqov yozgan. H.Xudoyberdiyev: “Biz I.Karimov nomiga xat tayyorladik” degan va xatni o’qib bergan. Keyin H.Xudoyberdiyev o’zi tayyorlagan Milly Majlis nomidan Bayonot loyihasini o’qib bergan. I.Nuriddinovning muallifga 2005 yil 10 dekabrda aytganiga ko’ra, yig’ilishda Xat va Bayonotning muhokamasi bo’lmagan, barcha hujjat loyihalari tahrir etish uchun A.Arifovga topshirilgan.
A.Arifov yig’ilishdan keyin EDP idorasiga qaytib, MM Bayonoti va Tuzuk (dastur) loyihalarini tahrir eta boshlagan. Shunda A.Arifov xonasiga S.Umurzoqov kirib kelgan. A.Arifov unga: “Yana bitta hujjat – Bitim loyihasini yozishimiz, unda turli partiyalar va tashkilotlarning Milliy Majlis doirasida ishtirok etish shartlari yozilmog’i kerak” degan. Uchta hujjat – Tuzuk, Bayonot va Bitim kerakligi haqida A.Arifov kichik qog’ozchaga yozib, S.Umurzoqovga bergan. Bu qog’ozcha keyinchalik “Milliy Majlis ishi” nomli sud ishiga tikilgandi. Shundan so’ng A.Arifov Bitim loyihasini yoza boshlaganlar. U Bayonotning kirish qismini yozdi va uning boshqa qismlariga tuzatishlar kiritdi. U shuningdek MM Tuzugini ham tahrir etdi. Bu uchala hujjat loyihalarini ish stolida qoldirib, ish kuni tugagach uyga qaytgan.
Navbatdagi ish kunida – 1992 yil 22 iyun (dushanba) kuni A.Aripov o’zining EDP idorasidagi ishlab o’tirganida xonaga B.Shokirov kirib kelgan va so’ragan: “Hujjatlar tayyor bo’ldimi?” A.Arifov uchala hujjat – Tuzuk, Bayonot va Bitim loyihalarini B.Shokirovga bergan. U ularni shu qavatda joylashgan EDPning kompyuter xonasiga olib borgan. Bu xonada “Erk” gazetasi va EDPning har xil hujjarlari kompyuterda terilardi. Bu ishlarga EDP raisi Muhammad Solihning ukasi – Muhammad Bekjon jurnalist va “Erk” gazetasi xodimi sifatida rahbarlik qilardi. (Muallif 1991-1992 yillarda M.Bekjon bilan bir necha bor uchrashgan. U kamtarin kishi edi va o’zbek xalqining baxt-saodati va ravnaqi uchun sidqi dildan mehnat qilardi. 1999 yil 17 fevralda Toshkentda portlashlar uyushtirilgach, O’zbekiston va Ukraina davlatlari o’rtasida tuzilgan Terrorizmga qarshi kurash bitimiga asosan Muhammad Bekjon va yana to’rt nafar “Erk” gazetasi xodimlarini O’zbekiston maxsus xizmat organi xodimlari Kiyev shahridan tutib Toshkentga olib kelishdi. So’ngra O’zR Oliy sudida ularni ayblab kop yillarga qamab yuborishdi. M.Bekjon hozirga qadar – 2005 yil dekabrida ham qamoqxonadadir.)
Shunday qilib, B.Shokirov MMning uchala hujjat loyihalarini kompyuterda terishni va o’n nusxadan ko’paytirib berishni M.Bekjondan iltimos qildi. Ikki soatlardan keyin hujjatlar tayyor bo’lgan va B.Shokirovga torshirilgan. U M.Bekjonga bu mehnati uchun 50 rubl bergan. So’ngra B.Shokirov uchala hujjat loyihalarining kompyuterda tayyorlangan nusxalardan birini A.Arifovga bergan. U boshqa nusxalarini MM Tashabbus guruhi a’zolariga, jumladan H.Xudoyberdiyevga ham bergan. Aftidan, MM bosh tashabbuskori bo’lmish H.Xudoyberdiyev uchala hujjat loyihalarini pochta orqali buyurtmali xat ko’rinishida O’zR prezidenti I.Karimovga jo’natib yuborgan.
Tez kunlarda kuchishlatar organ xodimlari tomonidan MM qatnashchilariga nisbatan tazyiqlar oshdi va shu sababli MMning 1992 yil 27 iyun (shanba) kungi yig’ilish o’tkazilmadi.
1992 yil 29 iyun kunduzi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi binosi (Sodiq Azimov ko’chasi, 87-uy) oldida “Birlik” XH raisdoshi Abduraxim Po’latov “qandaydir kimsalar” tomonidan armaturalar bilan kaltaklandi va uning boshini urib yorishdi. Uni og’ir ahvolda O’zR Sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli Neyroxirurgiya kasalxonasining reanimaciya (lotincha reanimatio – jonlantirish, tiriltirish) bo’limiga yotqizishdi.
Ma’lumki, 1992 yil 2-3 iyul kunlari 12-chaqiriq O’zR Oliy Kengashining 10-sessiyasi bo’lib o’tdi. Shu sessiyada deputat Muhammad Solih so’z so’radi. Unga so’z berishmagach deputatlikdan iste’fo berganini e’lon qilib, deputatlik mandatini Oliy Kengash prezidiumi stoli ustiga tashlab chiqib ketdi. Bu voqea qanday bo’lganligi va uning sababini M.Solih (Salay Madaminov)ning yozgan kitobidan keltirib o’taylik.
“Sessiya boshlanib, Oliy Kengash raisining nasihatlari bitgandan keyin, men so’z so’radim. Mening stolimdagi mikrafon hali o’chirilmagan edi, Kengash raisi eshitdi, ammo eshitmaganga oldi. Men so’rovni takrorladim. Rais “Shoshmay turing”, dedi va yonida o’tirgan Islom Karimov bilan shivirlashdi. Televideniye majlisdan to’g’ri translyaciya qilinayotgandi, yanglishmasam (haqiqatan, o’sha kuni sessiya to’g’ridan-to’g’ri translyaciya qilinayotgandi va kamina ham o’z uyida televizor orqali Oliy Kengashda bo’layotgan voqealarni ko’rib o’tirgan edi, mashhur o’zbek teatr va kino artisti, rahmatli Sohib Xo’jayev “Maftuningman” filmida aytganidek “Eng qiziq joyida halaqit berishdi”, ya’ni Sh.Yo’ldoshev tanaffus e’lon gilgach translyaciya tuxtatildi. A.Sh.). Shu boismi, ochiq janjal chiqishidan qo’rqib, avvaliga yumshoq harakat qilishdi. Ammo ular to’qnashuv muqarrar ekanini bilishardi. Sessiya oldidan meni izoliyaciya qilish tashabbuslari bekorga ketgandi. Lekin menga so’z bermaslik uchun ular ham “qasamyod” qilgandilar. Bu deputatlarning o’rinlarini almashtirish hodisasidan ko’rinib turardi.
Men ham agar so’z berishmasa, deputatlik mandatini bu to’ralarning oldiga uloqtirishga qaror qildim. Bu radikal qaror edi, ammo kundan-kunga kuchaymoqda bo’lgan zulmga qattiq bir uslubda “to’xta”, deyish zarur edi. O’yladim-ki, agar hozir so’z berishmasa, bundan keyin hech qachon so’z berishmaydi. Uch yil deputatlik davrida so’z olish istagimni biror marta rad qilishga jur’at qilolmagandilar, endi bu jur’atni topdilar. Agar ularga bo’yin egsam, men ham yonimda o’tirgan sassiz kommunistlardan biriga aylanaman, bundan Xudo saqlasin, deb o’ylardim. Bu mutelikni hech bir siyosiy maqsad, hatto partiya raisligi mas’uliyati ham menga qabul qildiraolmasdi.
Men uchinchi marta mikrafonga egildim, ammo ovozim u tarafda eshitilmasdi, mikrafonni o’chirishgandi. O’rnimdan turdim va Oliy Kengash raisiga “o’rtoq Yo’ldoshev, men sizdan so’z so’rayapman, eshitayapsizmi?” dedim baland ovoz bilan.
- O’rtoq Madaminov o’tiring, o’tiring deyapman, sizga!, - deya hayqirdi Kengash raisi va o’rnidan turdi.
- Agar so’z bermasanglar, men uni olaman, - dedim va qatorning o’rtasidan turib, yo’lakka tomon yo’naldim.
- Madaminov, o’tiring, o’tiring deyapman, sizga so’z beraman!, - deya hayqirishda davom etdi Oliy Kengash Raisi Yo’ldoshev.
Men deputatlarning hayron boqishlari oralab turtina-surtina nihoyat yo’lakka chiqdim va tez odimlar bilan minbarga qarab yurdim.
- O’rtoq deputatlar, tanaffus!, - deya baqirdi birdan Kengash raisi, - tanaffus e’lon qilamiz, o’rtoq deputatlar!
Tanaffusga hali 40 daqiqa bo’lishiga qaramasdan, Prezident Islom Karimov bu e’longa birinchi quloq solganlardan bo’ldi, tez o’rnidan turib, parda orqasiga qocha boshladi. Mubolag’a qilmayapman, Kengash raisi ham xuddi bir falokatdan yashirinayotganday sahnadagi kulis orqasiga chopqilab qocha boshladi.
Men minbarga chiqqanimda prezidiumda hech kim qolmagandi, shu qadar tez g’oyib bo’lishgandi. Mikrafonni chertib ko’rdim, albatta, o’chirilgandi. Televizion kameralarning ob’ektivlari ham uyatdan yerga qaragan odam kabi pastga qarab turishardi.
Kengash raisining hayajonli qilgan chaqirig’iga 20-30 kishi bo’ysunib, o’rnidan turishgan va majburiy tanaffusga hozirlanayotgandi. Qolganlari nima bo’lganiga aqli yetmay, hangu-mang o’tirishardi.
- Hurmatli deputatlar, ko’rib turibsiz, O’zbekistonda diktatura to’la o’rnatildi, hatto millatvakillari ham so’zlash huquqidan mahrum qilinmoqda, men bunga norozilik sifatida deputatlikdan iste’fo qilganimni e’lon qilaman …
Va shunga o’xshagan bir necha kalima so’yladim minbardan. Keyin orqamga o’girilib hay’atning bo’m-bo’sh stoliga, Ozbekiston prezidenti o’tiradigan joyga deputatlik mandatini uloqtirdim.
Keyin g’ala-g’ovur orasida zaldan chiqdim.” [26, 296-298-b.]
A.Arifov 1992 yil iyun oxirida o’z yurti – Xorazm viloyatiga jo’nab ketdi va avgust boshlarida Toshkentga qaytib keldi. Bir necha kundan keyin uning xonasiga Ichki ishlar vazirligi (IIV)ning xodimi, polkovnik Yaxshimo’rod (uning familiyasini 2005 yil 3 dekabr kungi suhbatda A.Arifov eslay olmadi) fuqarolik kiyimida kelgan. U A.Arifovga va jurnalist Muhammad Bekjonga IIV rahbariyati chaqirtirayotganini aytgan. Ular birgalikda IIVga mashinada borishgan va ularni polkovnik Aleksandr Taxtin (u keyinchalik general unvonini ham oldi) so’roq qilgan. U A.Arifov bilan Milliy Majlis haqida so’hbatlashib bo’lgach, unga ketishga ruxsat bergan. A.Arifov yo’lakda kutib turgan. Bir payt M.Bekjon A.Taxtin kabinetidan chiqib, A.Arifov oldiga kelgan va shunday degan: “Sizda 50 so’m bormi? Menga Bobir Shokirov Milliy Majlis hujjatlari loyihalarini kompyuterda terib ko’paytirib berganim uchun 50 so’m bergandi. Keling, shu pulni Taxtinga qaytarib beray”. A.Arifov 50 so’mni unga bergan. M.Bekjon A.Taxtin kabinetiga kirib, 50 so’mni topshirgan. Tabiiyki, A.Taxtin bu pulni olishdan oldin uni tilxat yozdirib rasmiylashtirgan. Bu tilxat keyinchalik “Milliy Majlis ishi” deb atalmish sud ishiga tikib qo’yilgan. Muhammad Bekjonning soddadillik bilan qilgan bu ishi haqida A.Arifov muallifga 2005 yil 3 dekabr kuni kulib gapirib berdi.
1992 yil 15 avgust kuni “Milliy Majlis” Tashabbus guruhining raisi Bobir Shokirov qamoqqa olindi. Shundan so’ng MM tashabbuskorlaridan ba’zilari qamoqqa olina boshladilar, ba’zilarini esa IIV idoralariga chaqirtirib so’roq qila boshladilar.

ÄÀÂÎÌÈ ÁÎÐ
Ðóáðèêè:  ÏÐÀÂÎÇÀÙÈÒÀ
2006 YILGI MAQOLALAR

 

Äîáàâèòü êîììåíòàðèé:
Òåêñò êîììåíòàðèÿ: ñìàéëèêè

Ïðîâåðêà îðôîãðàôèè: (íàéòè îøèáêè)

Ïðèêðåïèòü êàðòèíêó:

 Ïåðåâîäèòü URL â ññûëêó
 Ïîäïèñàòüñÿ íà êîììåíòàðèè
 Ïîäïèñàòü êàðòèíêó