Shuhratjon AHMADJONOV
1.KIBERNETIKA FANIDAGI “QORA QUTI” VA MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATI BILAN HAMKORLIK QILAYOTGAN KIMSANI ANIQLASH ILOJI BORMI?
Kirish so’zi.
Muallif Jahongir Shosalimov haqida
www.uzbekcongress.org saytida 2007 yil 12 va 21 fevral kunlari ikkita maqola yozgan edi. Bu maqolalar bir oz munozaralarga sabab bo’ldi. Ta’kidlash lozimki, muallif J.Shosalimov o’z nomzodini Prezidentlik saylovlariga qo’ymoqchi ekanligiga aslo qarshi emas. Bu har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqidir. Kamina maqolalariga sabab bo’lgan muammo boshqa tomondadir.
Oxirgi 15 yil davomida O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) bilan ko’pincha yashirincha, ba’zan ochiqcha hamkorlik qilayotgan “demokratlar” yetarlicha topiladi. MXX bulardan va boshqa manbalardan olingan axborotlar yordamida xalqimizning ertangi yaxshi kuni, kelajagi bo’lmish demokratiyaga zarba berish, mavjud rejimni mustahkamlash yo’llarini ishlab chiqmoqda. Muallif bu maqolalar orqali O’zbekiston demokratik tashkilotlari safida turib, MXX bilan hamkorlik qilayotganlar borligi masalasiga e’tiborni qaratmoqchi. Axir AQShning Aydaxo shtatida ikki yosh, navqiron safdoshimizni o’tkir zahar bilan o’ldirilishini qanday izohlash mumkin? (Xudo xohlasa, bu mudhish voqeani keyinchalik boshqa maqolada tahlil etarmiz.)
Bugungi kunda demokratlar safiga yosh, o’qimishli yangi avlod vakillari kirib kelmoqdalar. Muallif o’zining murakkab voqea-hodisalarni mushohada va tahlil etish tajribasini quyidagi to’rtta maqola orqali bayon etmoqda. Muxolifat rahbariyati va faollaridan ko’pchiligi o’z umrining yarmini, hatto ¾ qismini yashab qo’ydilar, ya’ni ko’pi ketib ozi qoldi. O’z hayot tajribamizni o’zimiz bilan narigi dunyoga olib ketmaylik. Mana shunday bahsli maqolalar orqali bo’lsada, yosh avlodga yozib qoldiraylik. Qilgan, yozgan gunohu savoblar uchun har kim Olloh oldida o’zi javob beradi!
Avvalambor, munozarali maqolani chop etgani uchun DO’K va
www.uzbekcongress.org sayti rahbariyatiga rahmat. Munozarali fikrlar bildirilganligi sababli muallif maxsus xizmat organlari, jumladan O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va ular bilan hamkorlik qilayotgan kimsalar (ayg’oqchilar) muammosi bilan bog’liq bitta alohida maqola yozishni o’rinli, deb hisobladi.
O’zbekistondek avtoritar, politsiyaviy siyosiy rejimlarda Prezidentlik saylovlari mamlakat miqyosida qo’yilgan va saylov kuni millionlab fuqarolar ko’z o’ngida ro’y beradigan spektakl ekanligi ko’pchilikka sir emas. Lekin mamlakat miqyosida o’tkaziladigan saylov spektakli uchun oldindan alohida ssenariy tayyorlanishini ko’pchilik bilmaydi. Xuddi shunday Prezidentlik saylovlari uchun ssenariyni maxsus xizmat organlari, aniqrog’i O’zR Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) yuqori idoralarida ishlab chiqiladi (bu muallifning shaxsiy fikridir). Chunki MXX O’zbekiston Mustaqillikka erishganidan buyon 16 yilga yaqin vaqt mobaynida O’zbekiston rahbari bo’lmish I.Karimovga sodiqlik bilan xizmat qilmoqda. Agar I.Karimov 2007 yil 23 dekabr kungi saylovlarda prezident etib saylansa, ular yana yetti yil davomida o’z vazifalarida qoladilar, unvonlari oshadi, qo’sha-qo’sha orden-medallar olishadi, O’zbekistonni o’zlari xohlagandek boshqarishda davom etadilar, qisqasi davru davron suradilar.
Agar mabodo o’zgacha fikrlaydigan fuqaro prezident etib saylanib qolsa, MXXning ko’pgina rahbarlari o’zgarish ehtimoli kattadir. Ayniqsa mamlakat demokratik boshqaruv asoslariga o’tkazila boshlansa, ba’zi bir “mog’orlab” ketganlar o’z xizmat vazifalariga mos kelmay qoladilar.
Ushbu va keyingi maqolalarimizni o’qiyotganda o’quvchimiz quyidagi savolga javob axtarsa foydali bo’ladi: ko’p xodimlarga va juda ko’p ayg’oqchiyu malaylarga ega bo’lgan O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati 15 yildan beri qanday ishlar bilan band va uning xodimlari qanday xizmatlari uchun “otning kallasiday” oylik olib, har yili 14 yanvar va 1 sentyabr arafasida qo’sha-qo’sha orden-medallar olmoqdalar?
Afsuski, vatanimiz demokratik tashkilotlari rahbarlari ham, faollari ham O’zbekiston MXX haqida, uning asosiy ishlari haqida juda kam ma’lumotga egalar. Bitta misol: MXX tarkibida nechta va qanday nomdagi bo’limlar borligi haqidagi oddiy ma’lumotga ham ega emasmiz! Agar biror fuqaro buni aniq bilsa, maqola qilib saytimizda yozsin, kamina shaxsan minnatdor bo’lardi. Kamina MXX haqida
www.uzbekcongress.org saytida 2005 yil 9 iyulda “O’zbekistonni qanday boshqarish kerak?” (
www.jahongir.org Turonzamin jurnali, 2005 yil Avgust, 8-soni) va 2006 yil 25 martdagi “O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va o’lmas Koshcheyning yuragi”(
www.jahongir.org Turonzamin jurnali, 2006 yil aprel, 4(16)-soni) maqolalarida yozgan edi.
Umuman olganda, maxsus xizmat organlari, jumladan MXX haqida, uning yashirin faoliyati, ish uslublari to’g’risida o’nlab, hatto yuzlab maqolalar yozish kerak. Kamina bunga bir oz tayyorlanib ham yurgan edi. Lekin u 2007 yil yanvaridan keyin moliyaviy masalalarda bir oz qiyinchiliklarga duch keldi va shu sababli hozircha bunday maqolalar turkumini yozish imkoniyatiga ega emas.
Maxsus xizmat organlarining ish uslublarini yoritishga doir quyidagi amaliy taklifni kamina
www.uzbekcongress.org saytida 2007 yil 1 fevral kuni chop etilgan “Saytimiz va DO’K rahbariyatiga doir ayrim fikrlar hamda takliflar” maqolasida yozgandi.
“Yana bitta muhim taklif. Prezident I.Karimov rahbarligidagi rejim asosan kuchishlatar organlarga, ayniqsa maxsus xizmat organlariga tayanib davlatni boshqarayotgani ko’pchilikka ma’lum. Ular demokratlarga, inson huquqlari himoyachilariga qarshi yuzlab turli pastkash uslublarni, provokatsiyalarni ishlatmoqdalar. Afsuski, ko’pgina demokratlarimiz, ayniqsa yoshlarimiz bunday noqonuniy, inson huquqlariga zid uslublardan bexabarlar, bilmaydilar. Shu sababli ular himoyalanmaganlar.
Kaminaning shaxsiy kutubxonasida Rossiyada rus tilida nashr etilgan «Наша разведка» (“Bizning razvedka”) nomli kitob bor. Bu kitob Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi akademiyalarida o’qitiladigan materiallar asosida yozilgan. Unda maxsus xizmat organlarining ish uslublari juda yaxshi ochib berilgan. Kamina shu kitobni bandma-band tarjima qilsayu, u saytimizda muntazam chop etib borilsa juda yaxshi ish bo’lardi. DO’Kchilar, demokratlar maxsus xizmat organlaridek kuchli raqibning ish uslublarini yaxshi bilmay turib kurashga kirishsalar, ko’pincha mag’lub bo’ladilar. Agar raqib ish uslublarini bilib olsalar, o’zlarini ham, oila a’zolarini ham, safdoshlarini ham xavf-xatardan asrab qolishlari, yanada samaraliroq kurash olib borish imkoniyatiga ega bo’ladilar.”
Lekin bu amaliy taklifga hech qanday javob kelmadi.
Ochiq aytaylik: mamlakatimiz demokratik tashkilotlari, jumladan DO’K saflariga kiritilgan ayg’oqchiyu xufiyalarni fosh qilish juda qiyin, ba’zan imkoniyatsizdir. Chunki ular MXX seyflari va arxivlarida saqlanadigan hujjatlarda ham, kundalik o’zaro munosabatlarda ham taxallus bilan nomlanadilar. MXXdagi bir bo’lim xodimlari boshqa bo’lim ishi, faoliyati, ayg’oqchilari haqida deyarli bilmaydilar, ya’ni bu MXX xodimlari orasida ham sir tutiladi.
Hatto MXX arxivi yoki seyfida turgan papkalar, kompyuterlardagi fayllarni qachonlardir (masalan, demokratik tizim g’alaba qozonganida) ochib o’qishga ruxsat etilgan taqdirda ham, barcha ayg’oqchilarni to’liq aniqlashtirib olish imkoniyati bo’lmaydi. Masalan, 1989 yilda ikkala Germaniya birlashgach, sobiq Germaniya Demokratik Respublikasining Shtazi nomli maxsus xizmat organi hujjatlari oshkor qilindi. Shunda bir qism josuslar, ayg’oqchilar kimligi aniqlashtirildi, bir qismi esa shu kungacha aniqlashtirilgan emas.
Xo’sh, bunday sharoitda demokratlarimiz qanday yo’l tutsalar bo’ladi?
Kibernetika fanida murakkab tizimlarni tadqiq etganda “Qora quti” («Черный ящик») tushunchasidan foydalanadilar.* (Muallif Toshkentdagi O’zR Fanlar Akademiyasiga qarashli “Kibernetika” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida 1975-1977 yillarda muhandis-dasturlovchi bo’lib ishlagan, 1977-1979 yillarda aspiranturaning kunduzgi bo’limida o’qigan).
Turli fanlarda, texnika sohalarida, axborot texnologiyalarida shunday murakkab voqea, hodisalar borki, inson uni ko’rish, eshitish, his qilish, to’g’ridan-to’g’ri bilish imkoniyatiga ega emas. Noma’lum voqea, hodisa ro’y berayotgan murakkab tizim “qora quti” deb qaraladi. Odatda bu “qora quti”ga kirayotgan va undan chiqayotgan axborotlarni aniqlashtirish, bilish mumkin. Kirayotgan axborot (masalan, tok miqdori, kuchlanishi, quvvati va hokazo parametrlari) o’zgartirilsa, “qora quti”dan chiqayotgan axborot natijalari ham o’zgaradi. Kibernetikada buni “qayta aloqa” («обратная связь») ham deb aytishadi. Shu kirgan va chiqqan axborotlarni tahlil etib, “qora quti” ichida ro’y berayotgan jarayonlar, voqea-hodisalarni haqiqatga yaqinroq holda tushunish, aniqlashtirish mumkin. Eng muhimi, kirayotgan parametrlarni o’zgartirish orqali murakkab (masalan, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy) tizimlarda natijalarni ijobiy tomonga o’zgartirish mumkin. Mana shunday ilmiy tajribalar orqali fanda katta yangiliklar kashf qilinadi va yillar, o’n yilliklar o’tib, bu aniqlashtirilgan fakt ko’p marta o’z tasdig’ini topgach va xalq xo’jaligida keng qo’llanila boshlangach, o’sha olim yoki olimlar guruhiga turli mukofotlar, hatto Xalqaro Nobel mukofoti beriladi.
Muallif yon-atrofida ro’y berayotgan murakkab voqealarni, jumladan Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi (militsiya)ga yashirincha xizmat qilayotgan, demokratlar haqida ma’lumotlar berib turadigan, ular topshirig’i bilan ba’zi bir “tashabbuslar” bilan chiqib, “faoliyat” olib boradigan kimsalar to’g’risida mushohada etib, tahlil qilganida ko’pincha kibernetikadagi “qora quti” usulidan foydalanadi. Safdoshlarimiz xayotida va yon-atrofida ba’zan ro’y beradigan murakkab voqea-hodisalarni tahlil etib, xulosa chiqarishda kibernetikadagi “qora quti” usulini qo’llashni maslahat beradi. Bu usulni qo’llashga doir misollarni muallifning keyingi maqolasida o’qishingiz mumkin bo’ladi.
(DAVOMI BOR).
* МЕНЕДЖМЕНТ ОРГАНИЗАЦИИ: Учебное пособие для подготовки к итоговому междисциплинарному экзамену профессиональной подготовки менеджера (Menedjerlarni professional tayyorlashda fanlararo xulosaviy imtihonga tayyorlash uchun o’quv qo’llanmasi). -
Под общей ред. В.Е. Ланкина. Таганрог: ТРТУ , 2006. –
http://www.aup.ru/books/m98/2_1_1.htm
Email:
shuhrat1954@yahoo.com (xat yozar bo’lsangiz, kaminaning ushbu pochtasi maxsus xizmat organlari nazorat qilishini hisobga oling)
Tahririyatdan: Maqola muallifi DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari, inson huquqlari va tabiat himoyachisidir. Maqola uning shaxsiy qarashi va tahlili sifatida tahrir etilmasdan chop qilinmoqda.
83. AHMADJONOV Sh. Kibernetikadagi “qora quti” va Milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilayotan kimsani aniqlash iloji bormi? -
http://turonzamin.org/2007/04/12/nuqtai-nazar-59/#more-1585 (
www.turonzamin.org 2007.12.04).
83. АҲМАДЖОНОВ Ш. Кибернетика фанидаги “қора қути” ва Миллий хавфсизлик хизмати билан ҳамкорлик қилаётган кимсани аниқлаш иложи борми? -
http://turonzamin.org/2007/04/12/nuqtai-nazar-59/#more-1585 (
www.turonzamin.org 2007.12.04).